O‘zbekiston bo‘ylab oqova suvlarni tozalash tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. Faqatgina Toshkent viloyatida joriy yil oxirigacha to‘rtta zamonaviy tozalash inshooti foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ularning biri Chirchiq shahrida joylashgan.



Mazkur loyiha Osiyo Taraqqiyot Banki tomonida moliyalashtirilmoqda. Yangi inshootning qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan bo‘lib, hozirda sinov jarayonlari olib borilmoqda. 



Chirchiqdagi eski tozalash inshooti 1975-yilda qurilgan bo‘lib, kuniga 80 ming kub metr oqova suvni qayta ishlash imkoniyatiga ega edi. Yangi qurilayotgan majmua esa 20 gektar maydonda bunyod etilib, 130 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega. To‘liq ishga tushirilgach, u 610 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi.



Zamonaviy texnologiyalar yordamida oqoca suv 24 bosqichdan iborat chuqur tozalash jarayonidan o‘tkazilib, atrof-muhitga minimal ta’sir ko‘rsatadi. Tozalangan suvni qishloq xo‘jaligida texnik ekinlar uchun qayta foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu resurslardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.



Mazkur inshoot nafaqat Chirchiq shahriga, balki G’azalkent, Bo‘stonliq va Qibray tumanlari aholisi uchun ham xizmat ko‘rsatadi. Natijada, viloyatda kanalizatsiya xizmatlari qamrovi 61 foizdan 84 foizgacha oshadi.



Yangi tozalash inshootining ishga tushirilishi hududda ekologik barqarorlikni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi.